Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Toshkent shahri va uning atrofdagi mintaqalarda joylashgan issiqxona xoʻjaliklarining faoliyatini tartibga solish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Unga koʻra, bunday tadbirkorlik subyektlariga faqatgina ekologik toza isitish texnologiyalariga toʻliq oʻtgan taqdirdagina oʻz faoliyatini davom ettirishga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlarga muvofiq, issiqxonalar tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, geotermal hamda quyosh energiyasidan, shuningdek, yirik issiqlik elektr stansiyalarida hosil boʻladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishlari mumkin boʻladi. Muqobil energiya manbalariga ulanish imkoni boʻlmagan istisno holatlarda esa koʻmir yoqishga ham ruxsat berilishi ehtimoli koʻrib chiqilmoqda.
Biroq bunday yondashuv qatʼiy shartlarga bogʻliq boʻlib, issiqxonalar majburiy tartibda zamonaviy hamda sertifikatlangan qozonlar, yuqori samarali filtrlar va zararli chiqindilarni tozalash tizimlari bilan jihozlanishi shart. Atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori esa qatʼiy belgilangan ekologik meʼyordan oshmasligi lozim.
Shuningdek, yangi talablarga moslashishni istagan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida maxsus subsidiyalar va soliq imtiyozlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, ekologik xavfsizlik standartlariga javob bermaydigan issiqxonalarning poytaxt mintaqasida ishlashiga qoʻyilgan amaldagi taqiq oʻz kuchida qolishi taʼkidlandi.
Ushbu choralarning koʻrilishiga soʻnggi paytlarda poytaxtda kuzatilgan ob-havo sharoiti, xususan, tungi vaqtda haroratning keskin tushishi va inversiya hodisasi sabab boʻlgan. Yunusobod tumani aholisi havo sifatining keskin yomonlashgani va issiqxonalardan chiqayotgan noxush hidlardan qattiq shikoyat qilgan edi.
Source: kun.uz