O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan tuzilgan jamoa Buyuk Britaniyaning Uels shahrida tashkil etilgan an’anaviy “Kembriya patruli” (Cambrian Patrol) xalqaro harbiy musobaqasida yana bir bor yuqori natija qayd etib, kumush medal bilan taqdirlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Mazkur xalqaro bellashuvda dunyoning 35 ga yaqin davlatidan, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Pokiston va Qozog‘iston kabi mamlakatlardan 140 dan ortiq patrul guruhi o‘z kuchini sinab ko‘rdi. Shuningdek, musobaqada shubhali tarzda qatnashgani iddao qilinayotgan US rejimi vakillari ham ishtirok etgani aytilmoqda.
Musobaqa shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar 48 soat davomida tog‘li, botqoqli va borish qiyin bo‘lgan o‘ta murakkab hududlarda sinovlardan o‘tdilar. Harbiylar taxminan 70 kilometrlik masofani bosib o‘tib, razvedka vazifalarini bajarish, shartli jang ssenariylarini tuzish, muhandislik to‘siqlarini bartaraf etish hamda yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z ko‘nikmalarini namoyish etishdi.
Shuningdek, dastur doirasida kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy tahdidlar sharoitida harakat qilish qobiliyati ham qattiq sinovdan o‘tkazildi. Ma’lumot uchun, 1959-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Kembriya patruli” Britaniya Qurolli Kuchlarining 160-Uels brigadasi tomonidan tashkil etiladi va harbiy bo‘linmalarning amaliy tayyorgarligini baholashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston harbiy xizmatchilari mazkur musobaqada ilk bor 2017-yilda qatnashib, ikkinchi o‘rinni egallagan edilar. 2018 va 2019-yillarda esa shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, oltin medallarni qo‘lga kiritishgan. So‘nggi yillarda, jumladan 2020–2025-yillar oralig‘ida ham mamlakat harbiylari barqaror ravishda kumush medallarga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Source: www.gazeta.uz