Toshkent viloyatida issiqxona xoʻjaliklari uchun Xitoy texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan, zamonaviy qozonxona uskunasi va samarali filtrlar tizimidan iborat kompleks isitish qurilmasining tajriba namunasi namoyish etildi. Mazkur tashabbus poytaxt mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash va havoning ifloslanish darajasini kamaytirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida taqdim etilmoqda.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, poytaxt atrofidagi issiqxonalarga faoliyatini davom ettirish uchun qattiq shart qoʻyilishi mumkin. Unga koʻra, mazkur xoʻjaliklar ekologik toza texnologiyalarga toʻliq oʻtib, oʻzlarini «yashil» issiqxonalarga aylantirishi talab etiladi. Bu qarorga hududdagi qishki mavsumda kuzatiladigan noqulay ob-havo sharoitlari sabab boʻlgan.
Xabarda keltirilishicha, poytaxt mintaqasida tungi vaqtda haroratning keskin tushishi va shamolsiz havo sharoitida inversiya hodisasi yuzaga kelishi oqibatida atmosferada zararli moddalar toʻplanib qolmoqda. Xususan, Yunusobod tumani aholisi havoning keskin yomonlashuvi hamda issiqxonalarda koʻmir yoqilgʻisidan foydalanish tufayli yuzaga kelayotgan oʻtkir noxush hidlardan qattiq shikoyat qilishgan.
Aholidan kelib tushgan murojaatlar asosida maxsus tashkilotlar tomonidan voqea joylarida oʻrganishlar oʻtkazilib, havoning ifloslanish darajasini aniqlash uchun amaliy namunalar olingan. Mutaxassislar Toshkent havoning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan asosiy antropogen omillarni, jumladan, avtotransport vositalari va qish mavsumida faoliyat yurituvchi shahar atrofi issiqxonalarini jiddiy nazoratga olgan.
Oʻz navbatida, issiqxona xoʻjaliklari vakillari ham amaldagi obyektlarni modernizatsiya qilishga va ekologik talablarga moslashishga tayyorligini bildirishgan. Taklif etilayotgan choralarga koʻra, issiqxonalar tabiiy gaz, suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, shuningdek, muqobil energiya manbalaridan foydalanishga oʻtishi hamda chiqindilarni onlayn rejimda monitoring qilish tizimini joriy etishi lozim boʻladi.
Source: kun.uz