O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan chaqiriluvchilar uchun yangi imtiyozlar joriy etilishi mumkin. Xususan, respublika miqyosida o‘tkaziladigan kitobxonlik tanlovlarida yuqori natijalarga erishgan harbiy xizmatchilarga xizmat muddatini bir oyga qisqartirish taklif qilindi. Ushbu tashabbus Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda ma'qullandi.
Qonun loyihasi mualliflarining ta'kidlashicha, mazkur chora-tadbirlar harbiy xizmatchilar orasida kitob mutolaasini ommalashtirish, ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda ma'naviy dunyoqarashini boyitishga qaratilgan. Mutasaddilarning fikricha, bunday yondashuv armiya safidagi yoshlarning bilim darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, hujjatda harbiy aviatsiya sohasiga oid muhim o‘zgarishlar ham ko‘zda tutilgan. Xususan, O‘zbekiston va xorijiy OTMlarning uchuvchilik mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi shartnomalar tuzish uchun huquqiy asoslar yaratilmoqda. Rasmiylarning iddao qilishicha, bu o‘zgarishlar malakali kadrlar salohiyatidan yanada samarali foydalanish hamda mamlakat harbiy aviatsiyasini rivojlantirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda kitob o‘qishni rag‘batlantirish amaliyoti avvalroq jazoni ijro etish muassasalarida ham joriy etilgan edi. Unga ko‘ra, mahkumlarga o‘qigan har bir kitobi uchun jazo muddatini uch kunga qisqartirish tartibi belgilangan bo‘lib, yillik cheklov 30 kundan oshmasligi belgilangan. Bu boradagi bilim va ma'naviy qadriyatlarni baholash uchun maxsus komissiyalar ham tuzilgan.
Source: podrobno.uz