Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroning Labi-Hovuz tarixiy hududida joylashgan Kukeldosh madrasasida bir guruh shaxslar devor g'ishtlarini buzayotgani haqidagi video tarqaldi. Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi bu holat bo'yicha rasmiy bayonot berdi.
XVI asrning ikkinchi yarmida qurilgan madrasa Buxoroning qadimiy va noyob me'moriy yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Besh asr davomida bu yerda talabalar o'qigan va yashagan. XX asr boshlaridan ta'lim jarayoni to'xtatilib, bino muzey sifatida foydalanila boshlandi.
Mas'ul shaxslarning ma'lumotlariga ko'ra, vaqt o'tishi bilan tabiiy omillar va texnogen jarayonlar ta'sirida yodgorlikning shimoliy devorlarida jiddiq yoriqlar va vayronagarchiliklar paydo bo'ldi, ayrim qismlari favqulodda holatga keldi. Bu hudud mahalliy aholi va sayyohlarning ko'p to'planadigan joyida joylashganligi sababli, xavfsizlik choralarini ko'rish zarurati tug'di.
Shu munosabat bilan hozirda Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mutaxassislari ishtirokida favqulodda qismlarda restavratsiya va tiklash ishlari olib borilmoqda. Idora vakillarining so'zlariga ko'ra, bu jarayon yodgorlikning tarixiy ko'rinishini saqlab qolgan holda amalga oshirilmoqda.
Eslatib o'tamiz, Buxoroning eski shahar hududi xalqaro miqyosda himoyalanadigan tarixiy joy bo'lib, YuNESKOning Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Ushbu bino o'lchamlari va miqyosiga ko'ra nafaqat Buxoroda, balki butun Markaziy Osiyodagi eng katta madrasa hisoblanadi.
Madaniy meros boshqarmasi fuqarolarni restavratsiya jarayonlari haqida qo'shimcha savollar bo'yicha rasmiy tartibda murojaat qilishga chaqirdi.
Source: kun.uz