O'zbekistonda atrof-muhitga salbiy ta'sirni kamaytiradigan sanoat korxonalarini rag'batlantirish tartibi tasdiqlandi. Bu qoida 2026-yil 28-fevraldagi hukumat qarori bilan belgilandi.
Huquqiy axborot Telegram-kanali ma'lumotlariga ko'ra, hujjat atrof-muhitga ta'sir darajasiga ko'ra birinchi va ikkinchi toifadagi korxonalarga nisbatan qo'llaniladi. Ular uchun bosqichma-bosqich rag'batlantirish mexanizmi nazarda tutilgan.
Birinchidan, korxona atmosfera havosining ifloslanishini kuzatish uchun fon monitoring stansiyasini o'rnatishi kerak. Bu shart bajarilganda, atrof-muhitga salbiy ta'sir uchun kompensatsiya to'lovlari bo'yicha qarzlarni hisobdan chiqarish, shuningdek, ikki yil davomida respublika byudjetiga o'tkaziladigan kompensatsiya to'lovlarining 50% qaytarilishi ko'zda tutilgan.
Ikkinchi bosqichda, monitoring stansiyasini o'rnatgan korxona keyingi yil ichida ishlab chiqarishni chang va gazni tozalash qurilmalari va (yoki) chiqindi suvlar uchun mahalliy tozalash inshootlari bilan jihozlashi kerak. Bu shartlar bajarilganda, ikki yil davomida respublika byudjetiga yo'naltiriladigan atrof-muhitga salbiy ta'sir uchun to'lovlarning 70% qaytariladi.
Xabar va ilova hujjatlari ular kelgan kundan boshlab 15 ish kunidan oshmaydigan muddatda ko'rib chiqiladi. Natijada rag'batlantirish berish to'g'risida xulosa rasmiylashtiriladi.
Source: kun.uz