Mamlakatimizda transport-logistika infratuzilmasini yanada takomillashtirish va xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan muhim qaror imzolandi. Adliya vazirligining ma'lum qilishicha, ushbu hujjat kelgusi yillarda logistika sohasini tubdan o'zgartirishga mo'ljallangan keng ko'lamli maqsadlarni o'z ichiga oladi. Jumladan, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab xalqaro kuryerlik jo'natmalarini bojxona rasmiylashtiruvi uchun amaldagi bojxona yig'imi stavkasi 20 foizga kamaytirilishi belgilanmoqda.
Qabul qilingan qaror bilan 2026–2030 yillarga mo'ljallangan transport-logistika tizimini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko'rsatkichlari belgilab berildi. Xususan, transport-logistika markazlarining yillik quvvati kamida 40 million tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, transport va logistika xizmatlari eksporti hajmini 3,5 milliard dollarga, respublika hududi orqali amalga oshiriladigan tranzit yuk tashish hajmini esa 18,5 million tonnaga oshirish ko'zda tutilgan.
Bundan tashqari, barcha talablarga javob beradigan xalqaro quruqlik portlari soni hozirgi 24 tadan 30 taga yetkazilishi kutilmoqda. Davlat chegarasidan o'tish punktlarining o'tkazish qobiliyati hamda transport-logistika markazlaridagi konteynerlarni qayta ishlash quvvatlari ikki baravarga oshirilishi rejalashtirilgan. Hududlar kesimida esa Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryoning Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo'l va Ohangaron tumanlari transport-logistika faoliyatiga ixtisoslashtiriladi.
Sanoatni raqamlashtirish va soliq imtiyozlarini taqdim etish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilgan. Transport-logistika markazlarida terminal boshqaruvi (TOS) va ombor komplekslarini boshqarish (WMS) tizimlari joriy etilib, 2030-yil oxiriga qadar ular Transport vazirligining «E-logistika» platformasiga ulanadi. Shuningdek, markazlar 2040-yilgacha yer solig'i va mol-mulk solig'idan to'liq ozod etiladi, bi Buning uchun ular tegishli talablarni bajarishi lozim bo'ladi.
Source: uznews.uz