Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda transport-logistika tizimini tubdan takomillashtirish va uning salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan muhim qaror imzolandi. Adliya vazirligining ma'lum qilishicha, mamlakat prezidentining “Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi [PQ-368-son] qarori rasman qabul qilindi va ijroga yo‘naltirildi.

Mazkur hujjatga asosan, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan transport-logistika tizimini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari aniq belgilab berildi. Xususan, hududlarning iqtisodiy va geografik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga maxsus ixtisoslashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, yangi qaror doirasida zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Unga ko‘ra, transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish (TOS) va omborni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etilib, ular 2030-yilning oxiriga qadar Transport vazirligining yagona “E-logistika” platformasiga to‘liq ulanishi shartligi belgilandi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilmoqda. Xususan, 2040-yilgacha transport-logistika markazlari yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilinishi belgilandi. Biroq, buning uchun markazlar ESKATO quruqlik portlari to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan bo‘lishi, zamonaviy tizimlarni joriy etishi hamda “E-logistika” platformasida “BB” va undan yuqori reytingga ega bo‘lishi talab etiladi.

Bundan tashqari, transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan subyektlar uchun 2029-yil 1-avgustgacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlar bojxona bojidan hamda majburiy sertifikatlashdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2027-yil 31-dekabrgacha M2, M3 va N toifadagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji to‘lamasdan import qilish huquqi berildi.

Source: www.gazeta.uz