Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida kuzatilgan kuchli sel oqibati fojiaga sabab boʻldi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maʼlum qilishicha, tabiiy omil tufayli inson hayotiga zet yetgan koʻngilsiz hodisa qayd etilgan.
Hodisa joriy yilning 13-oktabr kuni togʻli hududlarda roʻy berdi. Soat 17:30 larda qisqa muddatli kuchli yomgʻir yogʻishi natijasida tumanning Qoʻngʻirot mahallasi Shakarbuloq qishlogʻidan guvohlar eslashicha, kuchli sel oqimlari oʻtgan.
Aniqlanishicha, yoʻldan adashib qolgan Damas avtomobili haydovchisi va uning yoʻlovchisi toʻgʻri yoʻnalishni aniqlab olish maqsadida sel suvlari oʻtadigan xavfli hududda toʻxtashga majbur boʻlgan. Afsuski, bu ehtiyotsizlik fojiaga yoʻl ochgan va mashina kutilmaganda sirpanib, sel oʻzanining chuqurroq qismiga tushib ketgan.
Favqulodda vaziyat yuzaga kelgach, haydovchi mashinadan chiqishga va yordam chaqirishga ulgurgan, shuningdek, hamrohini xavf haqida ogohlantirishga harakat qilgan. Biroq shiddat bilan kelgan sel oqimi Damas avtomobilini ham, uning ichida qolib ketgan yoʻlovchini ham oqizib ketgan.
Voqea joyiga zudlik bilan qidiruv-qutqaruv xizmatlari va masʼul idoralar vakillari jalb etilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida bedarak yoʻqolgan yoʻlovchining jasadi topilgan va tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Taʼkidlash joizki, Oʻzgidromet xodimlari 13–14-oktabr kunlari respublikaning bir qator viloyatlarida, xususan, ularning togʻli hududlarida sel-suv toshqini xavfi mavjudligi haqida oldindan ogohlantirish bergan edi.
Source: kun.uz