Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari xorijiy hamkasblari bilan birgalikda mamlakat faunasi uchun mutlaqo yangi bo‘lgan ko‘rshapalak turini aniqladilar. Mazkur noyob jonivor Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘ida o‘tkazilgan ilmiy dala tadqiqotlari chog‘ida topilgan.

Ilmiy tilda Plecotus turkmenicus deb ataluvchi Turkmaniston quloqdor ko‘rshapalagi Markaziy Osiyo mintaqasida juda kam uchraydigan va kam o‘rganilgan sutemizuvchilardan biri hisoblanadi. Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, ushbu tur ilgari O‘zbekiston hududida umuman qayd etilmagan bo‘lib, fan olamida faqat 1970-yillargacha to‘plangan ma’lumotlar va muzey eksponatlari orqaligina ma’lum edi.

Qayd etilishicha, ushbu qanotli jonivor so‘nggi 55 yil mobaynida yovvoyi tabiatda deyarli hech kim tomonidan ko‘rilmagan. Mazkur topilma Ustyurt platosining o‘ziga xos ekotizimini, biologik xilma-xilligini asrab-avaylash hamda mintaqadagi noyob turlarni qayta ro‘yxatga olishda muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.

Ushbu ilmiy ekspeditsiya «Tabiatni muhofaza qilishda yagona salomatlik» (One Health in Nature Conservation) loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) tomonidan amalga oshirilmoqda hamda Germaniya rejimi Atrof-muhit vazirligining Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) tomonidan moliyalashtirilishi aytilmoqda.

Source: uznews.uz