Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni poytaxtda mahallalarni obodonlashtirish va shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Tashabbus doirasida infratuzilmani yaxshilash va aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Xususan, davlat rahbariga Yashnobod tumanidagi «Vatandosh», «Mohinur», «Al-Buxoriy» va «Tong» mahallalarini kompleks yangilash loyihasi taqdim etildi. Ularning umumiy maydoni 75 gektarni tashkil etib, mazkur hududlarda 18 ming 386 nafar aholi istiqomat qiladi. Loyihaning asosiy mazmuni «15 daqiqalik mahalla» tamoyiliga tayanadi.
Ushbu tamoyil savdo nuqtalari, maishiy xizmat ko'rsatish ob'ektlari, ta'lim va tibbiyot muassasalari, dam olish hamda sport maydonchalarini aholi uchun qulay masofada joylashtirishni ko'zda tutadi. Shuningdek, hududda yashil zonalarni kengaytirish, uch kilometrlik sayr xiyobonini barpo etish rejalashtirilgan.
Kelgusida poytaxtda ushbu yondashuv asosida 2027 yilga kelib 100 ta, 2030 yilga borib esa 400 ta mahallani kompleks yangilash ko'zda tutilgan. Shuningdek, Uchtepa tumanida xorijiy investitsiyalar hisobiga "Uchtepa city" zamonaviy ishbilarmonlik markazini qurish loyihasi ham taqdim etildi.
Source: uznews.uz