O‘zbekiston rahbariyati poytaxtda shahar muhitini rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar bilan tanishdi. Xususan, Yashnobod tumanidagi Vatandosh, Mohinur, Al-Buxoriy va Tong mahallalarini kompleks yangilash bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Umumiy maydoni 75 gektarni tashkil etuvchi mazkur hududda bugungi kunda 18 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda.
Mazkur loyihani amalga oshirishda zamonaviy «15 daqiqalik mahalla» tamoyiliga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Unga ko‘ra, fuqarolar uchun zarur bo‘lgan savdo shoxobchalari, maishiy xizmatlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, dam olish hamda sport maskanlari odamlarga qulay va piyoda yetib borish mumkin bo‘lgan masofada joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. Hududda uch kilometrlik sayr yo‘lagini tashkil etish, yashil maydonlarni sezilarli darajada kengaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mavjud infratuzilmani tubdan yaxshilash maqsadida 76 ta ko‘p qavatli uyning tashqi qiyofasi va muhandislik tarmoqlari yangilanadi. Avtomobillarni hovlilardan tashqarida joylashtirish tizimi joriy etilib, xavfsiz piyoda va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish doirasida 2 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish, to‘rtta bog‘cha va uchta zamonaviy poliklinika ochish rejalashtirilgan.
Kengroq miqyosdagi rejalarga ko‘ra, poytaxtda bunday kompleks yangilanishlar bosqichma-bosqich davom ettirilib, 2027-yilga borib 100 ta, 2030-yilgacha esa 400 ta mahalla to‘liq modernizatsiya qilinadi. Bu jarayonda issiqlik, suv, kanalizatsiya va elektr tarmoqlari yangilanib, 2030-yilga qadar 130 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Shuningdek, poytaxt maktablaridagi o‘quvchi o‘rinlari taqchilligini yumshatish bo‘yicha ham maxsus chora-tadbirlar belgiliangan.
Source: kun.uz