Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Poytaxt va uning atrofidagi hududlarda joylashgan issiqxona xoʻjaliklarining faoliyatiga oid muhim oʻzgarishlar e'lon qilindi. Unga koʻra, Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar faoliyatini tartibga solish boʻyicha maxsus ekologik tartib joriy etish taklif qilindi. Ushbu choralar ekologik xavfsizlikni ta'minlash va havo sifatini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

Tasdiqlangan rejalarga muvofiq, issiqxonalarga isitish jarayonida tabiiy gaz, elektr energiyasi, geotermal hamda quyosh energiyasidan foydalanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan ham foydalanish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va turli chiqindilarni yoqish qat'iyan taqiqlanishi belgilanib, bu talablarni buzganlarga nisbatan chora ko'rilishi kutilmoqda.

Qattiq yoqilgʻida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga joriy yilning 1-dekabriga qadar muqobil manbalarga oʻtish talabi qoʻyilmoqda. Mazkur talablarga rioya etgan, avtomatlashtirilgan qozonlar va zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatgan issiqxonalargagina muayyan shartlar asosida qattiq yoqilgʻidan foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligi ta'kidlandi.

Shuningdek, yaqinlashib kelayotgan isitish mavsumida aholining zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratishni nazarda tutuvchi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Hujjatga koʻra, mablagʻlar fuqarolarning bank yoki ijtimoiy kartalariga oʻtkazib berilishi rejalashtirilgan.

Source: kun.uz