Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq daryosiga qizil rangga bo‘yalgan oqova suvalar oqizib yuborilgani haqidagi xabarlar jamoatchilik orasida keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat ortidan Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Ekopolitsiya xodimlari Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan «Toshkent viloyati suv ta’minoti» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Chirchiq shahar oqova suv tozalash inshootida o‘n kunlik tekshiruv ishlarini amalga oshirdi. Mazkur tadbir Biznes-ombudsman bilan belgilangan tartibda kelishilgan holda o‘tkazildi.
O‘tkazilgan batafsil inspektsiya natijasida ma’lum bo‘lishicha, faqatgina biologik tozalashga mo‘ljallangan mazkur obyekt ruxsat etilgan me’yorlardan yuqori darajada ifloslangan to‘qimachilik va kimyo sanoati korxonalarining chiqindilarini qabul qilib kelgan. Aeratsiya hamda cho‘kmani saqlash tizimidagi jiddiy nosozliklar tufayli umumiy tozalash samaradorligi keskin pasayib, atigi 27,7 foizni tashkil etgan. Vaholanki, amaldagi qoidalarga ko‘ra, bunday xavfli moddalarni dastlabki tozalashsiz kommunal kanalizatsiyaga tashlash qat’iyan man etiladi.
Shuningdek, tekshiruv davomida Bostanliq tumanidagi G‘azalkent shaharchasining oqova suvlari tozalash inshootlariga umuman yetib bormagani va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Chirchiq daryosiga oqizib yuborilayotgani aniqlandi. Bu esa ekologik vaziyatni yanada og‘irlashtirib, hududdagi tabiatga jiddiy zarar yetkazmoqda.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, mas’ul korxonaga tozalanmagan oqova suvlarni tashlagani, 2025-yilning uchinchi choragidan 2026-yilning ikkinchi choragiga qadar bo‘lgan davr uchun ekologik to‘lovlar bo‘yicha hisobotlarni taqdim etmagani ҳамda majburiy fon monitoringi stansiyasi mavjud emasligi uchun kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, tozalash inshootlari rahbari yakuniy tekshiruv dalolatnomasini imzolashdan bosh tortgan. Hozirgi vaqtda barcha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan bo‘lib, parallel ravishda kompensatsiya to‘lovlarini majburiy tartibda undirish uchun iqtisodiy sudga da’vo arizasi tayyorlanmoqda.
Source: podrobno.uz