Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabida uch nafar o‘quvchi qiz o‘rtasida janjal kelib chiqqani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tarqalgan videolavhalardan so‘ng, maktab ma’muriyati va mas’ul idoralar zudlik bilan aralashib, ishtirokchilar hamda ularning ota-onalari bilan tarbiyaviy suhbatlar o‘tkazdi. Hodisa joriy yilning 13-oktabr kuni soat 14:00 larda, ya’ni tanaffuz vaqtida sodir bo‘lgani aniqlandi.

Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur holat yuzidan darhol nazorat choralari ko‘rilib, o‘quvchilar o‘rtasidagi kelishmovchilik sabablari o‘rganildi. Muhokamalarda tuman ta’lim bo‘limi mutasaddilari, profilaktika inspektori, ta’lim muassasasi rahbariyati hamda o‘quvchi qizlarning ota-onalari ishtirok etib, yuzaga kelgan vaziyat tanqidiy muhokama qilindi.

O‘quvchilarning tarbiyasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani hamda farzandlarini nazoratsiz qoldirgani uchun ularning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirildi. Endilikda ular bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha, ya’ni 440 ming so‘mdan 2,2 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda jarima to‘lashga majbur bo‘ladilar.

Shuningdek, sinfda yetarli darajada nazorat o‘rnatmagani va tarbiyaviy ishlarni o‘z vaqtida tashkil etmagani uchun sinf rahbari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Ta’kidlash joizki, bu kabi salbiy holatlar ta’lim muassasalarida tartib-intizom va nazoratni kuchaytirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatib bermoqda.

Source: podrobno.uz