Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi mamlakat iqtisodiyoti hamda jamiyat hayotida muhim o‘rin tutuvchi jamoat ahamiyatiga molik tashkilotlar (Public Interest Entities — PIE) reyestrining yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi. Soliq qo‘mitasi va boshqa davlat idoralari ma’lumotlari asosida shakllantirilgan ushbu ro‘yxatga jami 449 ta korxona kiritildi.

Mazkur maxsus maqom davlat rahbarining tegishli qaroriga muvofiq joriy etilgan bo‘lib, u iqtisodiyotga, bozor barqarorligiga va keng jamoatchilik manfaatlariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadigan kompaniyalarga nisbatan qo‘llaniladi. Mazkur toifadagi tashkilotlar uchun hisobdorlik, shaffoflik va korporativ boshqaruv bo‘yicha yanada qat’iy talablar belgilanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, aksiyalari fond birjasi kotirovkalash varag‘iga kiritilgan emitentlar, tijorat banklari, mikromoliya va to‘lov tashkilotlari, investitsiya fondlari, birjalar hamda davlat ulushi mavjud yirik korxonalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu ro‘yxatga kiritiladi. Boshqa yirik biznes subyektlari esa so‘nggi ikki kalendar yil davomida aktivlari va sof tushumi miqdori kamida 440 milliard so‘mdan bo‘lgan hamda xodimlarining o‘rtacha yillik soni kamida 500 kishini tashkil etgan taqdirdagina ushbu maqomga ega bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan Yandex, Wildberries, shuningdek, UzIMEI va Turon kabi taniqli kompaniyalar ushbu reyestrga kiritilmadi. Mutasaddilarning tushuntirishicha, mazkur kompaniyalarda so‘nggi ikki yil davomida o‘rtacha yillik ishchilar soni 500 nafarga yetmagani sababli ular biznes hajmi mezonlariga mos kelmagan.

Ta’kidlash joizki, jamoat ahamiyatiga molik tashkilotlar reyestri ilk bor joriy yilning iyun oyida e’lon qilingan bo‘lib, u paytda unga 425 ta yuridik shaxs kiritilgan edi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur ro‘yxat hisobot ma’lumotlari asosida muntazam ravishda yangilanib borilishini ma’lum qildi.

Source: podrobno.uz