Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxt Toshkent shahridagi mahallalarni kompleks obodonlashtirish va zamonaviy shahar muhitini shakllantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbari matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur loyihalarda shaharsozlikning eng ilg‘or tajribalaridan biri hisoblangan «15 daqiqalik mahalla» tamoyilini hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Dastlabki bosqichda Yashnobod tumanidagi «Vatandosh», «Mohinur», «Al-Buxoriy» hamda «Tong» mahallalarini qamrab olgan kompleks yangilash loyihasi taqdim etildi. Umumiy maydoni 75 gektarni tashkil etuvchi va 18 386 nafar aholi istiqomat qiladigan ushbu hududda barcha ijtimoiy infratuzilma, savdo va maishiy xizmatlar, ta’lim hamda tibbiyot maskanlari fuqarolarga piyoda 5–15 daqiqada yetib borish mumkin bo‘lgan masofada joylashtiriladi. Rejaga ko‘ra, to‘rtta mahallada yashil hududlar kengaytirilib, 3 kilometrlik sayr xiyoboni, zamonaviy sport majmuasi barpo etiladi. Shuningdek, maktablar kengaytirilib qo‘shimcha 2000 o‘quvchi o‘rni, 540 o‘rinli to‘rtta bog‘cha va uchta yangi poliklinika bunyod etilishi belgilangan.

Ishlab chiqilgan strategiyaga muvofiq, poytaxtda 2027-yilgacha 100 ta, 2030-yil yakuniga qadar esa jami 400 ta mahalla to‘liq modernizatsiya qilinadi. Dastur doirasida eskirgan muhandislik tarmoqlari — issiqlik, ichimlik suvi, kanalizatsiya, elektr energiyasi va gaz ta’minoti tizimlari yangilanadi. Ko‘p qavatli xonadonlar fasadlari, ichki yo‘llar va piyodalar yo‘laklari ta’mirlanib, har bir fuqaroga to‘g‘ri keladigan ko‘kalamzorlashtirish darajasi xalqaro ekologik standartlarga yetkaziladi.

Yangilanishlar nafaqat qulay muhit yaratish, balki aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qiladi. 2030-yilga qadar mazkur 400 ta mahallada 130 mingta yangi ish o‘rni ochilishi, shundan 22 mingtasi dastlabki bosqichda — 2027-yilgacha yaratilishi mo‘ljallangan. Ushbu maqsadlar uchun tijorat banklari tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning soddalashtirilgan konveyer tizimini joriy etadi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning ta’kidlashicha, yangi yondashuv ijtimoiy infratuzilma, dam olish, sport va salomatlik, savdo hamda ekologiya kabi beshta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi. Loyihaga binoan, aholi uchun kundalik eng zarur do‘konlar va sport maydonchalari 5 daqiqalik, boshqa barcha maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari esa 10–15 daqiqalik piyoda masofada faoliyat yuritadi.

Source: www.gazeta.uz