O'zbekistonning bir qator banklari va to'lov tashkilotlarining mobil ilovalarida kartadan kartaga pul o'tkazishda endi bu o'tkazmaning maqsadini majburiy ko'rsatish talab qilinmoqda. Foydalanuvchi 16 ta taklif etilgan maqsaddan birini tanlashi kerak. Markaziy bank Kun.uzga aytishicha, foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma'lumot uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
O'tkazma yuboruvchisi pul yuborishda quyidagi 16 toifadan birini tanlashi taklif etiladi:
- Mahsulot yoki savdo uchun to'lov;
- Ovqatlanish va oziq-ovqat xarajatlari;
- Qarzni qaytarish;
- Pul yordami;
- Oila yoki qarindoshlarga o'tkazma;
- Sovg'a;
- Yetkazib berish uchun to'lov;
- Ijara haqi;
- Kommunal to'lovlar;
- Xizmat safari xarajatlari;
- Ta'lim xarajatlari;
- Tibbiy xarajatlar;
- Xayriya;
- Minnatdorchilik (choychaqa);
- Ko'ngilochar xarajatlar;
- Investitsion o'tkazmalar.
Markaziy bankning axborot xizmati izohida aytilishicha, bu tavsiya mobil ilovalar funksionalligini takomillashtirish bo'yicha banklar va to'lov tashkilotlariga berilgan. Hozircha bu tavsiya faqat ba'zi ilovalarda joriy etilgan. Eslatib o'tamiz, 22 apreldan P2P-operatsiyalar bo'yicha yangi qoidalar kuchga kiradi.
Source: kun.uz