Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida Savdo va investitsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim hamda Erkin savdo bitimini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqida qo‘shma bayonot imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar qildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, 2-mart kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Indoneziya Savdo vaziri Budi Santoso bilan videokonferensiya formatida muzokara o‘tkazdi. Muzokarada mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokarada o‘zaro munosabatlarning barqaror ijobiy sur’atlari va 2025-yilda ikki tomonlama savdo hajmi 82 foizga oshgani alohida e’tirof etilgan.

“Yakunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish, karantin va fitosanitariya tartib-taomillarini jadallashtirish, shuningdek, halol sertifikatlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Belgilangan chora-tadbirlarni amaliy mexanizmlar orqali izchil amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Source: www.gazeta.uz