Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda keng ko‘lamli “Yashil makon” umummilliy loyihasining 2026-yilgi kuzgi mavsumida respublika bo‘ylab jami 140 million tup ko‘chat ekish ko‘zda tutilgan. Bu haqda O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tomonidan ma'lum qilindi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu keng ko‘lamli tadbirlar mamlakatdagi ekologik muhitni yaxshilash va yashil maydonlarni sezilarli darajada kengaytirishga qaratilgan.

Joriy etilayotgan yangi yondashuvlarga ko‘ra, xalqaro miqyosda tan olingan “3−30−300” standarti tatbiq etilmoqda. Kuzgi va qishki oylardagi tabiiy namlik darajasi ko‘chatlarning tuproqda yaxshi ildiz otishi va ko‘karuvchanligini oshirishga xizmat qilishi hisobga olingan. Shu munosabat bilan, ko‘chat ekish ishlari hududlarning o‘ziga xos iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda bosqichma-bosqich boshlanishi belgilandi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-noyabrdan, Buxoro hamda Navoiyda 5-noyabrdan, qolgan viloyatlar va Toshkent shahrida 10-noyabrdan, shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryoda 20-noyabrdan boshlab amaliy ishlarga kirishiladi.

Aholi uchun qulay va toza ekologik muhit yaratish maqsadida 2026-yilning o‘zida 257 ta yangi “Yashil bog‘” va “Yashil jamoat parki” barpo etilishi ko‘zda tutilgan. 2030-yilga borib esa ularning umumiy sonini 1023 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, har bir tuman va shaharda uzunligi kamida 10 kilometr bo‘lgan soyali sayr ko‘chalari tashkil etilib, ularda suv tejovchi zamonaviy sug‘orish tizimlari o‘rnatilishi ta'minlanadi.

Yangi tartibga muvofiq, mahallalarda ko‘chatlarni parvarish qilish sifatini oshirish uchun 4200 nafarga yaqin “o‘rmonchi murabbiy”lar biriktirildi. 2027-yil 1-yanvardan boshlab esa “Mahalla — islohotlar buyurtmachisi” tamoyili asosida maxsus paketlar joriy etiladi. Shuningdek, tadbirkorlar va aholi tashabbusi bilan yer uchastkalarini shartnoma asosida biriktirib, “yashil bog‘”lar yaratish imkonini beruvchi “Yashil lot” tizimi ham o‘z faoliyatini boshlaydi.

Source: www.gazeta.uz