O‘zbekistonda 2023–2025-yillar oralig‘ida amalga oshirilgan energiya tariflari islohotlari natijasida bitta abonentga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik energiya resurslari iste’moli qisqargani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ma’lum qilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir abonentning o‘rtacha oylik elektr energiyasi iste’moli 2023-yildagi 212 kVt/soatdan 2025-yilda 184 kVt/soatgacha pasaygan bo‘lib, bu qariyb 13 foizlik qisqarishni tashkil etadi. Shu bilan birga, tabiiy gaz iste’moli ham 431 kub metrdan 342 kub metrgacha kamayib, pasayish 21 foizga yaqinlashgan.
Vazir o‘rinbosari ushbu o‘zgarishlarni ijobiy baholab, aholida tejamkorlik va energiya samaradorligiga intilish madaniyati shakllanayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar fuqarolarga resurslarni oqilona sarflash muhimligini asta-sekin anglatmoqda.
Matbuot anjumanida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Jamshid Abruyev ham eski subsidiyalar tizimidan voz kechilib, manzilli qo‘llab-quvvatlashga o‘tilish sabablarini tushuntirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari tariflar uzoq yillar davomida o‘zgarmay kelgani bois, asosiy imtiyozlardan daromad yuqori bo‘lgan va energiya resurslarini ko‘p iste’mol qiladigan xonadonlar ko‘proq foyda ko‘rgan.
Source: www.gazeta.uz