Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda kommunal xizmatlar narxining oshishi aholining kundalik xarajatlariga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Xususan, markazlashgan tarmoq isteʼmolchilari va individual gaz qozonlaridan foydalanuvchi xonadonlar oʻrtasidagi xarajatlar farqi yildan-yilga kengayib bormoqda. Shunga qaramay, rasmiy idoralar bu boradagi muammolarni hal qilish oʻrniga mavjud cheklovlarni qatʼiy saqlab qolishmoqda.

Joriy yilning 1-noyabridan boshlab respublika shaharlarida, jumladan Toshkent shahrida ham issiqlik taʼminoti va issiq suv tariflarini 30 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Toshkentda soʻnggi yillarda kommunal toʻlovlar bir necha bor qimmatlashgan boʻlishiga qaramay, mutasaddilar tannarxni qoplash bahonasida oʻsish davom etishini taʼkidlashmoqda.

Bunday sharoitda koʻplab fuqarolar markazlashgan tizimdan voz kechib, mustaqil isitish usullariga oʻtish imkoniyatini qidirmoqda. Kun.uz muxbirining aholi markazlashgan tarmoqdan ixtiyoriy ravishda voz kechib, ikki konturli individual gaz qozonlariga oʻtishi mumkinligi haqidagi savoliga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva keskin rad javobini berdi.

Vazir oʻrinbosarining taʼkidlashicha, amaldagi qonunchilik talablariga koʻra, markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlangan koʻp kvartirali uylarni tizimdan uzish qatʼiyan taqiqlanadi. Shuningdek, uy ichidagi isitish quvurlarini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish yoki demontaj qilish ham qonunbuzarlik hisoblanadi.

Qolaversa, hukumat qarorlariga muvofiq, 2022-yil oxiridan boshlab yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uylarni gaz tarmogʻiga ulash toʻxtatilgan boʻlib, bunday uylar faqat elektr taʼminotiga oʻtkazilmoqda. Qurilish vazirligi kelgusida barcha yangi uylar faqat markazlashgan qozonxonalarga ulanishini maʼlum qilgan, bu esa aholining tanlov erkinligini yanada cheklaydi.

Source: kun.uz