Oʻzbekistonda 2030-yilgacha issiqlik taʼminoti tariflarini bosqichma-bosqich toʻliq tannarx darajasiga yetkazish choralari koʻrilmoqda. Hozirgi kunda aholi uchun amal qilayotgan tariflar amaldagi tannarxning qariyb 20 foizini qoplamoqda, xolos. Qolgan ulush esa davlat byudjetidan ajratilayotgan subsidiyalar hisobidan qoplanib kelinmoqda.
Hukumat tomonidan tayyorlangan va jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan qaror loyihasiga koʻra, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab issiq suv va issiqlik taʼminoti narxlarini sezilarli darajada oshirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 2028-yil 1-maydan eʼtiboran tariflarni yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda, biroq 10 foizdan yuqori boʻlmagan surʼatda indeksatsiya qilib borish rejalashtirilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Xurshid Mustafoyevning maʼlum qilishicha, Toshkent shahrida 2019-yildan 2024-yilgacha boʻlgan davrda issiqlik tariflari oʻzgarishsiz saqlanib kelgan. Biroq ushbu besh yillik davr mobaynida energiya resurslari, ish haqi va koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar qiymati sezilarli darajada qimmatlashgan. Vazir oʻrinbosari amaldagi narxlar va tannarx oʻrtasidagi besh baravar tafovutni bartaraf etish zarurligini taʼkidladi.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, tannarxni 100 foizga yetkazish jarayoni faqatgina isteʼmolchilar uchun narxlarni oshirish evaziga emas, balki tarmoqlarni tubdan yangilash, texnik yoʻqotishlarni kamaytirish va boshqaruv samaradorligini oshirish orqali amalga oshiriladi. Xususan, 2030-yilga qadar ishlab chiqarish tannarxini kamida 30-40 foizga qisqartirish boʻyicha maxsus modernizatsiya dasturlari ishlab chiqilishi belgilangan.
Source: kun.uz