Respublikada tabiatni muhofaza qilish va brakonerlikka qarshi kurashish yo‘nalishida navbatdagi qonunbuzarlik holati fosh etildi. Samarqand va Surxondaryo viloyatlari Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor reyd tadbirlari davomida yovvoyi hayvonlarni noqonuniy ovlash bilan bog‘liq jinoyatning iziga tushildi.
O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida gumonlanuvchilarga tegishli bo‘lgan “Niva Legend” rusumli avtomashina to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada transport vositasining yukxonasidan sakkizta qopga solingan holda bir bosh qo‘ng‘ir ayiq hamda uch bosh yovvoyi cho‘chqaning tana bo‘laklari topilib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Shuningdek, mashina salonidan besh dona turli rusumdagi stvolli ov qurollari, o‘q-dorilar, durbinlar, maxsus ovoz pasaytiruvchi moslamalar (glushitel), pichoqlar, fonarlar, bolta va boshqa zaruriy buyumlar borligi aniqlandi. Huquqbuzarlar ushbu qurollardan foydalangan holda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hududida o‘ta og‘ir tabiat jinoyatini sodir etgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, mazkur noqonuniy ovchilik oqibatida O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i va uch bosh to‘ngʻiz yo‘q qilingan. Hayvonot dunyosiga yetkazilgan jami moddiy zarar miqdori 679 million 800 ming so‘mni tashkil etgani hisoblab chiqildi.
Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Barcha ov qurollari, o‘q-dorilar va hujjatlar vaqtincha saqlash uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasiga topshirilib, transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Source: kun.uz