Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi mehmonxonalardan birida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazildi. Mazkur tadbir davomida oʻta xavfli giyohvandlik vositalarining yashirin oldi-sotdisi bilan shugʻullanib kelgan shaxs qoʻlga olindi.

Maʼlum boʻlishicha, tezkor kuzatuvda boʻlgan gumonlanuvchi uchta oʻramga joylashtirilgan, umumiy ogʻirligi 1 kilogramm 233 grammni tashkil etuvchi «gashish» moddasini xaridorga oʻtkazishga urinayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. U xaridordan kelishilgan mablagʻning bir qismini olib, evaziga giyohvand moddani taqdim etayotgan pallada huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Tergovoldi tekshiruvlari davomida aniqlanishicha, ushbu shaxs ilgari ham giyohvandlik vositalarini koʻp miqdorda qonunga xilof ravishda sotgani uchun sudlangan boʻlib, oʻz qilmishidan tegishli xulosa chiqarmagan. Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Bojxona qoʻmitasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, barcha aloqador shaxslarni aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Rasmiy statistik maʼlumotlarga koʻra, joriy yil boshidan buyon bojxona organlari boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda umumiy qiymati va miqdori katta boʻlgan 844 ta huquqbuzarlik holatini aniqlagan. Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 2,2 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, psixotrop hamda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgan.

Source: kun.uz