Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qabul qildi. Tomonlar oʻrtasidagi muloqot davomida mamlakatning ushbu nufuzli xalqaro sport tashkiloti bilan samarali hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Uchrashuv chogʻida Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa Oʻzbekistonda ham havaskor, ham professional futbolni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, mamlakatda zamonaviy sport infratuzilmasini va oʻqitish bazasini barpo etish yoʻnalishidagi saʼy-harakatlar eʼtirof etildi.
Tomonlar futbol akademiyalarini birgalikda rivojlantirish hamda “Har bir mahallada futbol maydonchasi” dasturi doirasida yoshlarni sportga keng jalb etishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish muhimligini alohida taʼkidladilar. Bu kabi tashabbuslar kelgusida yangi isteʼdodlarni kashf etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, yirik xalqaro futbol tadbirlari, jumladan, ayollar va oʻsmirlar oʻrtasidagi qitʼa chempionatlarini tashkil etish va yuqori saviyada oʻtkazish masalalari muhokama qilindi. Sportchilar va murabbiylar tarkibini tayyorlashda uslubiy yordam koʻrsatish hamda iqtidorli futbolchilarni saralash yoʻnalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Source: kun.uz