Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda joriy yilning 1-noyabridan boshlab umumtaʼlim maktablarida “Angels Initiative” xalqaro tashabbus tashkilotining “FAST - superqahramonlar” deb nomlangan xalqaro taʼlim dasturi bosqichma-bosqich amaliyotga kiritila boshlandi. Mazkur tashabbus Prezidentning joriy yil 20-yanvardagi tegishli qaroriga asosan ilk bor qabul qilingan Infarkt va insultga qarshi kurashish Milliy dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha dastlabki bosqichda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga moʻljallangan boʻlib, Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 7 ta hamda Samarqand shahar, Kattaqoʻrgʻon va Ishtixon tumanlaridagi 6 ta umumtaʼlim maktabida maxsus mashgʻulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Xalqaro hamkorlik doirasida ishlab chiqilgan ushbu dastur bugungi kunga qadar Germaniya, Italiya, Ispaniya, Braziliya, Kanada kabi dunyoning 40 ga yaqin davlatida 2 million nafardan ortiq bolalarni qamrab olishga ulgurgani aytilmoqda.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, loyihaning asosiy maqsadi — kichik yoshdagi oʻquvchilarga oʻyin va qiziqarli mashgʻulotlar orqali insultning dastlabki belgilarini oʻrgatish, shuningdek, shoshilinch vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanish koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat. Darslar davomida bolalar yuz assimetriyasi, nutqdagi qiyinchiliklar va qoʻlni koʻtara olmaslik kabi xavfli alomatlarni aniqlash hamda darhol "103" raqamiga murojaat qilish boʻyicha amaliy tushunchalarga ega boʻlishadi.

Source: kun.uz