O‘zbekiston rahbariyati 17-oktabr kuni Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan boshchiligidagi nufuzli delegatsiyani qabul qildi. Muzokaralar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar avvalgi oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning ijrosiga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv chog‘ida parlamentlar, hukumat idoralari va ishbilarmon doiralar o‘rtasida faol muloqot yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Pekinning “Yagona Xitoy” siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini va terrorizm, separatizm hamda ekstremizm kabi “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashishda o‘zgarmas pozitsiyada ekanini tasdiqladi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarning jadal sur’atda o‘sib borayotganini ta’kidlab o‘tdi. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 60 milliard dollarga yetgan bo‘lib, mamlakatda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida tajriba almashish ishlari izchil davom etayotgani bildirildi.
Suhbat davomida “Yashil” energetika, kimyo sanoati, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va mashinasozlik kabi istiqbolli tarmoqlarda hamkorlikni kengaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish loyihasi jadal davom etayotgani va uning mintaqaviy savdoga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi. Yaqin kunlarda Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish, aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Source: www.gazeta.uz