O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining hududlarga safari doirasida Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi Imom Buxoriy ziyoratgohida bo‘ldi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu tashrif mazkur muqaddas qadamjoda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining borishi bilan yaqindan tanishishga qaratilgan.
Tashrif davomida davlat rahbariga majmuaning imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish, uning sayyohlik salohiyatini oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzidan batafsil axborot berildi. Xususan, Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini asrab-avaylash, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish hamda mamlakatda ziyorat turizmini rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
"Har safar buyuk ajdodimiz maqbarasini ziyorat qilar ekanman, xalqimiz farovonligi, har bir oilaga qut-baraka kirib kelishini so‘rab duo qilaman", – dedi Shavkat Mirziyoyev o‘zining nutqida. Prezident dunyoning turli burchaklaridan keluvchi mehmonlar uchun O‘zbekistonda, jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasida barcha sharoitlar yaratilishini ta'kidlab o‘tdi.
Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash joizki, joriy yilning mart oyida yakunlangan keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua bir vaqtning o‘zida 65 mingdan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yangi masjid esa 10 ming namozxonga mo‘ljallangan. Shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan innovatsion muzeyda islom dini tarixi, payg‘ambarlar hayoti va Imom Buxoriy faoliyatiga oid noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.
Source: uznews.uz