Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekistonda yengil sanoat va dizayn sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida mamlakatimiz rahbari tomonidan muhim hujjat imzolandi. Unga ko'ra, respublikada Toshkent xalqaro moda akademiyasini tashkil etish ko'zda tutilgan bo'lib, ushbu yangi ta'lim muassasasi davlat oliy o'quv yurti maqomiga ega bo'ladi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimiga kirishi belgilandi.

Ma'lum qilinishicha, yangi akademiya Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo'shma ta'lim dasturi negizida barpo etilmoqda. Shu bilan birga, ushbu qo'shma dasturda tahsil olayotgan barcha amaldagi talabalar o'qishini to'xtatmagan holda akademiya qoshida davom ettirishi ta'minlanadi.

Ta'lim jarayonini yo'lga qo'yish bo'yicha aniq muddatlar belgilangan bo'lib, o'quv yili 2026/2027-o'quv yilidan boshlanishi rejalashtirilgan. Talabalarni qabul qilish jarayoni amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Shuningdek, akademiya o'zining shaxsiy ta'lim dasturlari asosida bakalavriat yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha mutaxassislar tayyorlash huquqiga ega bo'ladi. 2027/2028-o'quv yilidan boshlab esa to'qimachilik, tikuvchilik, trikotaj hamda poyabzal tarmoqlari uchun maqsadli kadrlar tayyorlashga qaratilgan dual ta'lim shakli joriy etilishi ko'zda tutilgan.

Qarorga asosan, akademiyada davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni yaratish ishlari ham tashkil etiladi. Shuningdek, 2027/2028-o'quv yilidan boshlab yengil sanoat texnikumlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi kursidan o'qishni davlat-kontrakt asosida davom ettirishga ruxsat beriladi.

Source: uznews.uz