Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda joriy ish kunlari ob-havo sharoiti atmosfera bosimi 1045 gPa gacha ko‘tariluvchi kuchli sovuq antitsiklonning janubi-sharqiy va keyinchalik janubiy chekkasi ta’sirida shakllanmoqda. Xorijiy hamda mahalliy meteorologiya manbalari, jumladan Meteoinfo.ru va Yevropaning o‘rta muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF) ma’lumotlariga ko‘ra, hafta davomida respublika hududida o‘ta quruq va barqaror ob-havo hukmron bo‘lishi kutilmoqda. Hatto tog‘li hududlarda ham hech qanday yog‘ingarchilik kuzatilmasligi taxmin qilinmoqda, bu esa o‘tmishdagi oktabr oyining uchinchi o‘n kunliklariga nisbatan ancha quruq davrni keltirib chiqaradi.

Sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hamda Navoiy viloyatining Qizilqum cho‘llarida havo harorati nol darajagacha pasayishi mumkin. Shuningdek, mamlakatning shimoliy hududlari va tog‘li tumanlarida termometr ustuni +1…+3 darajagacha tushishi kutilmoqda. Respublika bo‘ylab hafta boshida kunduzgi haroratlar +23…+28 daraja atrofida bo‘lsa, hafta o‘rtalariga kelib antitsiklonning chuqurroq kirib kelishi sababli ko‘pchilik hududlarda havo harorati +17…+22 darajagacha pasayadi. Tungi va kunduzgi haroratlar o‘rtasidagi farq ba’zi joylarda 20 darajagacha yetishi ehtimoli mavjud.

Mutaxassislar keskin sutkalik harorat tebranishlari va shamolning susayishi fonida yirik shaharlarda, xususan Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysida ekologik vaziyat murakkablashishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Atmosferaning turg‘unlashuvi va havo almashinuvining cheklanishi yerga yaqin qatlamda PM2,5 mayda zarrachalarining to‘planish xavfini oshiradi. Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, bunday ob-havo sharoiti nafas olish va yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan shaxslar, shuningdek keksalar va bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, kosmik ta’sirlar bo‘yicha Spaceweather portali joriy hafta o‘rtalarida qizil darajadagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari kuzatilishi mumkinligini taxmin qilmoqda, garchi fanda bu omillarning inson organizmiga aniq ta’siri to‘liq isbotlanmagan bo‘lsa-da. Bioiqlimiy sharoitlar esa kunduz kuni ham ancha qalin kiyinishni talab etadi, chunki quyoshli manzaraga qaramay, antitsiklon ta’sirida havo harorati sezilarli darajada pastroq tuyuladi.

Source: www.gazeta.uz