Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyatining Qibray tumanida huquq-tartibot idoralari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun ajratilgan yer maydonida noqonuniy saqlanayotgan giyohvandlik vositalari hamda qurol-yarogʻlar aniqlandi. Maʼlum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va barcha tafsilotlar oʻrganilmoqda.

Mazkur tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda tashkil etildi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanish uchun uzoq muddatli ijaraga berilgan yer maydoni chetidagi ikkita konteynerni koʻzdan kechirishgan.

Aniqlanishicha, yer maydoni Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 1986-yilda tugʻilgan va muqaddam sudlangan fuqaroga tegishli boʻlgan. Xolislar ishtirokida oʻtkazilgan tintuv chogʻida konteynerlardan quruq holda saqlanayotgan jami 7 kilogramm marixuana giyohvandlik vositasi, IJ-38 rusumli pnevmatik qurol hamda uch dona patron ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Source: kun.uz