Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qishloq xo‘jaligi sohasi va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun o‘zbekistonlik Masturaxon Sayfutdinova Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan e’lon qilingan dunyoning 100 nafar eng ilg‘or qishloq ayollari ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu nufuzli xalqaro tanlov qishloq hududlarini rivojlantirish va agrar tarmoqqa yangi yondashuvlarni olib kirayotgan yetakchi ayollarni aniqlash hamda rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan edi.

G‘oliblarni taqdirlash tantanali marosimi Rim shahridagi FAO bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida hamyurtimizga maxsus mukofotni tashkilot bosh direktori Syuy Dunyuy shaxsan o‘zi topshirdi. Ushbu e’tirof O‘zbekistonda xotin-qizlarning qishloq xo‘jaligidagi o‘rni oshib borayotganining yana bir xalqaro tasdig‘iga aylandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Masturaxon Sayfutdinova Farg‘ona viloyatidagi "Quva anori" agrofirmasiga rahbarlik qiladi. U nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ko‘lamini kengaytirib kelmoqda, balki butun tarmoq taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Xususan, u Anor yetishtiruvchilar uyushmasini tuzish tashabbusi bilan chiqqan va soha bo‘yicha ta’lim dasturlariga kiritilgan maxsus o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlagan.

Ushbu keng ko‘lamli tanlovga dunyoning 130 dan ortiq davlatidan 600 nafardan ziyod nomzodlar hujjati kelib tushgan. Mutaxassislar Sayfutdinovaning yetakchilik fazilatlari, fidokorona mehnati va innovatsion yondashuvini yuqori baholagan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston rahbariyati ham qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun FAOning oliy mukofoti — "Agricola" medali bilan taqdirlangan edi.

Source: podrobno.uz