O‘zbekistonda Google Pay xizmatining rasman ishga tushirilgani mamlakatning moliyaviy-texnologik sektorida muhim qadam sifatida e’lon qilindi. Bu haqda Samarqandda o‘tkazilgan C5+1 formatidagi tadbirlar doirasidagi panel sessiyasida Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha vakili Marsin Krasuski mazkur xizmat mamlakatda o‘z faoliyatini boshlaganini mamnuniyat bilan tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ilg‘or raqamli tartibga solish yo‘nalishida mintaqada yetakchi o‘rinlardan birini egallamoqda.
Mazkur xizmatning joriy etilishi ortida qonunchilikdagi o‘zgarishlar turgani qayd etilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, kompaniyalar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat ichidagi serverlarda saqlashga majbur edi. Biroq keyinchalik bu talablar qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro gigantlar uchun sh shart-sharoitlar yaratildi.
Joriy yilning mart oyida mamlakat rahbariyati tomonidan shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga tegishli o‘zgartishlar imzolangan edi. Unga ko‘ra, biometrik va genetik ma’lumotlardan tashqari boshqa axborotlarni xorijda qayta ishlashga ruxsat berildi, bu esa Apple Pay va Google Pay kabi global tizimlarning kirib kelishiga yo‘l ochdi.
Source: www.gazeta.uz