Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda 2027-yildan boshlab bir nechta energiya manbalari va yonilg‘i turlaridan foydalanadigan gibrid issiqlik ta’minoti tizimlariga bosqichma-bosqich o‘tish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 14-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Issiqlikta’minoti” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev ma’lum qildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu chora-tadbirlar energetika sohasidagi mavjud muammolar va tabiiy gaz yetkazib berishdagi ehtimoliy uzilishlar fonida dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Matbuot anjumanida tabiiy gaz tanqisligi yuzaga kelgan sharoitda issiqlik ta’minoti barqarorligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ilhom To‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Jahon banki ko‘magi va xalqaro konsultantlar ishtirokida issiqlik ta’minoti sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur hujjat doirasida elektrlashtirish, gibrid usullar, geotermal energiya vositalari hamda quyosh panellaridan foydalanishni nazarda tutuvchi to‘rt-besh xil ssenariy ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, islohotlar doirasida amaldagi ochiq issiqlik ta’minoti tizimidan yopiq tizimlarga o‘tish ishlari boshlangani ma’lum qilindi. Bu o‘zgarishlar prezidentning 2025-yil 11-martdagi tegishli qarorida belgilangan bo‘lib, kelgusida issiqlik energiyasini individual issiqlik punktlari orqali boshqarish hamda iste’molchilarning talabidan kelib chiqqan holda tartibga solish imkonini beradi. Ayni paytda eski ochiq tizimlarda bunday texnik imkoniyatlar cheklangani qayd etildi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda ko‘p kvartirali uylarda yashovchi aholining markaziy isitish tizimidan o‘zboshimchalik bilan uzilib, alohida qozonxonalar o‘rnatishi taqiqlangani yana bir bor eslatib o‘tildi. Mutaxassislarning tushuntirishicha, bunday harakatlar umumiy muhandislik tarmoqlarining gidravlik muvozanatini buzib, qo‘shni xonadonlarning issiqlik ta’minotida jiddiy nosozliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Source: www.gazeta.uz