O‘zbekistonda minglab ko‘p qavatli uylardagi liftlarning holati jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Xidoyatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Hukumat soati”da mamlakatimizda naqd 4973 ta liftning foydalanish muddati butunlay tugaganini rasman tan oldi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu eskirgan uskunalar aholi uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirib, muntazam ravishda buzilish holatlari qayd etilmoqda.
Xalq demokratik partiyasi deputati Zokirjon Zohidov yig‘ilishda ko‘p kvartirali uylarda yashovchi fuqarolar, ayniqsa keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar liftlarning tez-tez ishdan chiqishi hamda yo‘lovchilarning kabinalarda qamalib qolishidan qattiq shikoyat qilayotganini alohida ta’kidladi. Raqamli nazorat tizimlari joriy etilganiga qaramay, muammolar hanuzgacha saqlanib qolayotgani va qancha liftni almashtirish bo‘yicha aniq muddatlar qandayligiga jamoatchilik e’tibor qaratmoqda.
Vazir Sherzod Xidoyatovning tushuntirishicha, nosozliklarning asosiy sabablaridan biri — uskunalarga yetarli darajada texnik xizmat ko‘rsatilmasligi va profilaktika ishlari o‘z vaqtida o‘tkazilmasligidir. Muammoni bosqichma-bosqich bartaraf etish maqsadida 2021—2026-yillar davomida budjet mablag‘lari hisobidan 3274 ta lift yangilanib, yana 71 tasi kapital ta’mirlangani ma’lum qilindi. Shuningdek, prezident farmoniga muvofiq, 2030-yilgacha yana 4953 ta liftni yangilash va ta’mirlash rejalashtirilgan.
Ayni paytda respublika bo‘ylab jami 7201 ta binoda o‘rnatilgan 19 740 ta liftning yagona elektron bazasi shakllantirilgan bo‘lib, ularning holatini masofaviy nazorat qilish uchun “Xavfsiz lift” platformasi ishga tushirilgan. Yangi talablarga ko‘ra, liftlar yiliga kamida bir marta majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning holati xavflilik darajasiga qarab ranglar bo‘yicha belgilanadi, shuningdek, mazkur talablarsiz yangi uylar foydalanishga qabul qilinmaydi.
Source: www.gazeta.uz