Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Poytaxt Toshkent shahrida arxitektura organlarining tegishli ruxnomasisiz barpo etilgan 720 dan ortiq ko‘p qavatli uylar mavjudligi ma'lum qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov batafsil ma'lumot berib o‘tdi. Uchrashuv davomida deputatlar tomonidan shaharsozlik sohasidagi mavjud muammolar, jumladan, infratuzilmaning yetishmasligi keskin tanqid ostiga olindi.

Xususan, deputat Dilmurod Ismoilov ko‘p qavatli uylar atrofida bolalar va sport maydonchalari, shuningdek, avtomobillar uchun zarur turargohlar keskin yetishmayotganiga e'tibor qaratdi. Ayrim tumanlarda esa yangi infratuzilmani barpo etish uchun bo‘sh yer maydonlari umuman qolmagani qayd etildi. Shuningdek, ayrim qurilish kompaniyalari loyihalarda ko‘zda tutilgan majburiyatlarini oxirigacha bajarmayotgani holatlari uchrayotgani ta'kidlandi.

Unga javoban vazir Sherzod Hidoyatov Toshkent shahrining bosh rejasi doirasida hududlar uchta toifaga — konservatsiya, renovatsiya va rekonstruksiya zonalariga bo‘linganini ma'lum qildi. Biroq, bosh reja tasdiqlanguniga qadar auksionga chiqarilgan va tegishli ruxsatnomalarsiz qurib bitkazilgan ko‘p qavatli uylar bugungi kunda jiddiy muammoga aylangani tan olindi. Hozirda respublika miqyosida barcha muammoli obyektlar xatlovdan o‘tkazilib, ular bilan Bosh prokuratura shug‘ullanmoqda.

Vazirning ta'kidlashicha, kelgusida bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish faqatgina ularning mustahkamligi instrumental tekshiruvdan o‘tkazilgach hamda zarur infratuzilma yaratilgach amalga oshiriladi. Shuningdek, qurilish sohasidagi yangi loyihalarni tekshirish tizimiga sun'iy intellekt elementlari joriy etilib, talablarga nomuvofiqliklar avtomatik tarzda aniqlanishi ta'minlanmoqda.

Source: www.gazeta.uz