Milliy statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida 5,9 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarolari turistik maqsadlarda xorijiy davlatlarga safar uyushtirgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 132,7 ming nafarga ko‘payganini ko‘rsatmoqda, bu esa aholining safar qilish faolligi biroz oshganidan darak beradi.
O‘zbekistonliklar orasida eng ommabop bo‘lgan Top-10 davlatlar qatoridan qo‘shni respublikalar joy olgan bo‘lib, reytingni Qirg‘iziston 2 716 447 nafar tashrif buyuruvchi bilan boshqarib bormoqda. Shuningdek, Qozog‘istonga 1 065 155 nafar va Tojikistonga 983 724 nafar fuqaro yo‘l olgan bo‘lib, umumiy oqimning asosiy qismi aynan qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Uzoqroq xorijiy davlatlar orasida Rossiya (281 571 kishi), Turkiya (239 376 kishi) va Saudiya Arabistoni (209 112 kishi) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, BAA, Xitoy, Misr va Vyetnam kabi yo‘nalishlar ham o‘zbekistonlik sayyohlar e'tiborida bo‘lib, bu mamlakatlarga o‘n minglab fuqarolar safar qilgan.
Shu bilan birga, rasmiy statistikaga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida O‘zbekistonga ham turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolari soni 10,3 million nafarni tashkil etgan. Kelganlarning asosiy qismi Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkiya fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelib, respublikada turizm sohasi ko‘rsatkichlari o‘sib borayotgani qayd etilmoqda.
Source: uznews.uz