Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, taʼlim va ilm-fan sohasida yangi kadrlar tayinlovlari amalga oshirildi. Xususan, Oybek Yoʻldoshev taʼlim va ilm-fan vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimini egallagan boʻlsa, Mehriniso Pardayeva va Sanjar Mirzaliyev vazir oʻrinbosarlari etib tayinlandi. Yangi rahbarlar vazirlik rahbari Erkinjon Turdimov boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda jamoaga rasman tanishtirildi.
Vazirlik tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, yangi tayinlangan mansabdor shaxslar oʻz faoliyati davomida konsalting, zamonaviy taʼlim metodikasi hamda texnik kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarida boy tajriba toʻplagan. Xususan, Oybek Behzodovich Yoʻldoshev tayinlovga qadar PwC Uzbekistan kompaniyasida davlat sektori, infratuzilma va ESG boʻyicha konsalting amaliyoti direktori lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Uning xalqaro tajribasi vazirlikdagi islohotlarga qanday taʼsir qilishi hozircha nomaʼlum.
Shuningdek, Mehriniso Doniyorovna Pardayeva vazir oʻrinbosari lavozimiga kirishdi. U bunga qadar Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida boshqarma boshligʻi sifatida ishlab, sohadagi uslubiy jarayonlarga masʼul boʻlgan. Yana bir oʻrinbosar Sanjar Mahamatjan oʻgʻli Mirzaliyev esa avvalroq Belarus–Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori lavozimida ishlagan.
Yangi oʻrinbosarlarni tanishtirishga bagʻishlangan yigʻilishda kadrlar masalasi bilan bir qatorda ijro intizomi masalalari ham qattiq tanqidiy muhokama qilingan. Masʼullar oldiga berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, masʼuliyatni oshirish hamda ijro intizomini har tomonlama mustahkamlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Source: kun.uz