O'zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug'ullanish uchun yangi tartiblar belgilandi. Hukumatning tegishli qaroriga ko'ra, 2030-yil 1-yanvardan boshlab bu sohada faoliyat yuritish faqat davlat ro'yxatidan o'tgan shaxslarga ruxsat etiladi.
Tasdiqlangan nizomga muvofiq, imtihondan muvaffaqiyatli o'tgan mutaxassislarga 5 yil muddatga amal qiladigan maxsus guvohnoma beriladi. Guvohnomasiz shaxslarning tibbiyot va farmatsevtika sohasida ishlashi qat'iyan taqiqlanishi ko'zda tutilgan.
Shuningdek, 2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar xodimlar ixtiyoriy ravishda maxsus imtihon topshirib yoki malaka toifasini olish jarayonida avtomatik tarzda davlat ro'yxatidan o'tish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Shu bilan birga, kamida 20 yillik ish tajribasiga va ilmiy darajaga ega bo'lgan xodimlar imtihonsiz ro'yxatdan o'tkaziladi. Biroq, murojaat sanasiga qadar uch yil davomida uzluksiz ishlamaganlar bundan mustasno.
Muvofiqlikni baholash jarayoni raqamlashtirilib, arizalar davlat xizmatlari markazlari, yagona portal yoki maxsus platforma orqali qabul qilinadi. Guvohnomalar faqat elektron shaklda berilib, ularning haqiqiyligi yagona reyestr orqali tekshiriladi.
Source: kun.uz