O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sentabr oyi o‘ta qurg‘oqchil kelgan bo‘lib, oktabr oyining boshidan buyon Toshkent shahrida atigi 11 millimetr yog‘ingarchilik kuzatildi. Vaholanki, o‘rtacha oylik me’yor 24 millimetrni tashkil etadi, bu esa poytaxt ekologiyasiga o‘zining jiddiy salbiy ta'sirini ko'rsatmoqda.
Tabiiy yog‘ingarchilikning keskin yetishmasligi fonida Toshkent shahar hokimiyati shahar obodonlashtirish xizmatlariga yashil maydonlarni changdan tozalash ishlarini zudlik bilan tashkil etish zarurligini ma'lum qildi. Ushbu choralar havo ifloslanishi va chang darajasini kamaytirishga qaratilgan favqulodda qadam sifatida baholanmoqda.
Hozirgi vaqtda maxsus texnikalar yordamida suv purkash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa daraxtlar qoplamasini ehtiyotkorlik bilan yuvish, barglarni o‘rnashib qolgan changdan tozalash hamda shahar muhitining ayrim qismlarini qo‘shimcha ravishda namlantirish imkonini berayotgani aytilmoqda.
"Albatta, bu kabi chora-tadbirlar tabiiy yog‘ingarchilik o‘rnini bosa olmaydi yoki chang muammosini to‘liq hal qila olmaydi. Biroq, bir qarashda kichik bo‘lib tuyulgan bu kabi sa’y-harakatlar ham qulay mikroiqlimni saqlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda", — deyiladi poytaxt ma'muriyati bayonotida.
Hokimiyat vakillarining qo‘shimcha qilishicha, Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash, yashil hududlarni saqlab qolish va aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar davom ettiriladi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida ham shunday tadbirlar o‘tkazilib, favvoralar ishga tushirilgan edi.
Source: uznews.uz