Markaziy Osiyo mintaqasi jadal sur’atlar bilan kengayib borayotgan aviatsiya bozorlaridan biriga aylanib borayotgani ta’kidlanmoqda, jumladan, O‘zbekistonda ham xalqaro hablar, sayyohlik salohiyati va hududiy aeroportlarni rivojlantirish borasida faol bayonotlar yangramoqda. Biroq Boston Consulting Group (BCG) mutaxassislarining fikricha, faqatgina yangi reyslarni ochishning o‘zi yetarli emas; buning uchun aviakompaniyalar, aeroportlar, regulyatorlar hamda davlat organlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlari talab etiladi.
Nashr suhbatlashgan BCG boshqaruvchi direktori Suresh Subudi va Toshkentdagi direktor Vasiliy Triandafilidining ta’kidlashicha, O‘zbekiston mustaqil aviatsiya bozoriga aylanishi uchun salohiyatga ega, biroq barcha manfaatdor tomonlarning harakatlarini birlashtiruvchi aniq bosh reja zarur. Hozirda mamlakatga amalga oshirilayotgan parvozlar soni sezilarli darajada oshgani, bozor esa YAIM o‘sish sur’atidan bir necha barobar tezroq kengayotgani qayd etildi.
Shuning bilan birga, tarmoqda bir qator jiddiy muammolar, jumladan, aviayoqilg‘i importiga qaramlik va uning narxidagi tebranishlar saqlanib qolmoqda. Ekspertlarning fikricha, mahalliy neftni qayta ishlash quvvatlarini aviayoqilg‘i ishlab chiqarishga yo‘naltirish bu boradagi xatarlarni kamaytirishi mumkin, ammo aviakompaniyalar uchun moliyaviy xedjirlash mexanizmlari va yetkazib berish barqarorligini ta’minlash ham muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, aeroportlarni rivojlantirishda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) modellarini qo‘llash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar loyiha qiymatini noto‘g‘ri baholash yoki yo‘lovchilar oqimi prognozlaridagi tafovutlar kabi xatarlardan ogohlantirib, muvaffaqiyatli xalqaro tajribalar asosida shartnomalarda manfaatlar muvozanatini saqlash muhimligini ta’kidladilar.
Source: www.gazeta.uz