Milliy statistika qo‘mitasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qayd etilgan nikohlar soni yildan-yilga barqaror ravishda pasayib bormoqda. Jumladan, 2021-yilda mamlakatda 305,2 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025-yilga kelib 267,1 mingtaga tushib qoldi. Shu tariqa, mazkur davr mobaynida nikohlar soni umumiy hisobda 38,1 mingtaga yoki qariyb 12,5 foizga kamaygani kuzatildi.
Shuningdek, joriy yilning yanvar–iyun oylari davomida respublika bo‘yicha 92,3 mingta oila qurish holati rasmiylashtirildi. Mutaxassislar bu yarim yillik natija ekanligini va uni avvalgi yillarning to‘liq yillik statistikasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirib bo‘lmasligini ta’kidlashmoqda. Shunga qaramay, umumiy dinamika so‘nggi yillarda mamlakatda oila qurish ko‘rsatkichlari pasayish tendensiyasiga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
Tarixiy tahlillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1991–2025-yillar oralig‘idagi eng yuqori cho‘qqi 2018-yilga to‘g‘ri kelib, o‘shanda 311,4 mingta nikoh qayd etilgan edi. 2025-yilgi natija esa ushbu rekord ko‘rsatkichdan naqd 44,3 mingtaga yoki qariyb 14,2 foizga kam ekanligi ma’lum bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, hatto Mustaqillik e’lon qilingan 1991-yildagi 270,3 mingta nikoh ko‘rsatkichi ham 2025-yilgi mutlaq sondan yuqoriroq bo‘lgan.
Taqdim etilgan rasmiy raqamlarga ko‘ra, yillar kesimida keskin tebranishlar kuzatilgan. Masalan, 1995 va 2000-yillarda nikohlar soni sezilarli darajada kamayib, mos ravishda 170,8 mingta va 168,9 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu ko‘rsatkich yana o‘sgan. Biroq oxirgi yillarda, xususan 2022-yildan beri pasayish davom etmoqda: 2024-yilda 271,8 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam yana 4,7 mingtaga qisqardi. Rasmiy idoralar bu pasayishning aniq sabablarini hozircha ochiqlagani yo‘q.
Source: kun.uz