Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi yigʻilishda mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev hududdagi eng dolzarb muammolardan biri boʻlgan ichimlik suvi taʼminotiga alohida eʼtibor qaratdi. Joriy yil uchun ajratilgan 1 trillion soʻm mablagʻ evaziga 747 kilometrlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda 43 ta maxsus inshoot qurilishini qisqa fursatlarda yakunlash vazifasi qoʻyildi.

Amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar natijasida yil oxiriga qadar 200 ming nafardan ortiq mahalliy aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishi kutilmoqda. Shuning bilan birga, Hisorak suv omboridan Qarshi shahri, shuningdek, Qamashi, Gʻuzor va Qarshi tumanlariga yangi tarmoqlar tortish loyihasini boshlash uchun 100 milliard soʻm yoʻnaltirildi. Bu tashabbusni yanada kengaytirish maqsadida qoʻshimcha 210 million dollar mablagʻ jalb etilib, yana 350 ming kishining suv taʼminoti yaxshilanishi taʼminlanadi.

Hududdagi Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak va Qarshi tumanlarida istiqomat qiluvchi 700 ming aholining turmush sharoitini yaxshilash koʻzda tutilgan yana bir muhim loyihaga kirishildi. Unga koʻra, Tolimarjon – Muborak suv tizimini tubdan rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan boʻlib, uning texnik-iqtisodiy asoslarini kelgusi yilning 1-apreliga qadar yakunlash hamda xalqaro moliya institutlaridan 150 million dollar mablagʻ jalb qilish belgilandi.

Hududda transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham eʼtibordan chetda qolmadi. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 350 million dollarni tashkil etuvchi A-380 avtomobil yoʻlining Qashqadaryo viloyatidan oʻtuvchi 100 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish ishlari boshlanishi maʼlum qilindi. Shu bilan birga, Qarshi shahrining aylanma yoʻlini 5,5 kilometrga uzaytirib, ushbu magistralga ulash hamda Qarshi – Pomuq va Gʻuzor – Beynau yoʻllaridagi tirbandliklarni bartaraf etish uchun 250 milliard soʻmlik ikkita zamonaviy yoʻl oʻtkazgich barpo etish vazifasi yuklatildi.

Source: kun.uz