22-oktabr kuni Aichi-Nagoyada bo‘lib o‘tayotgan Para Osiyo o‘yinlarining to‘rtinchi kun bahslari O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun muvaffaqiyatli va sermahsul kechdi. Ushbu kunda qo‘lga kiritilgan 30 ta yuqori sifatli medal, jumladan, 8 ta oltin, 11 ta kumush va 11 ta bronza mukofotlari evaziga mamlakatimiz vakillarining umumiy ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshdi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston hisobida jami 38 ta oltin, 41 ta kumush va 41 ta bronza, ya’ni jami 120 ta medal mavjud bo‘lib, bu musobaqa umumiy jadvalida Xitoy va Yaponiyadan keyin faxrli 3-o‘rinni egallab turish imkonini bermoqda.
Musobaqaning mazkur kunida yengil atletika bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilar bir qator ajoyib natijalarni qayd etib, yangi rekordlarni o‘rnatishdi. Xususan, erkaklar o‘rtasida F36 klassida yadro uloytirish yo‘nalishida bahs olib borgan Barotjon Baxtiyorov 15,98 metr natija ko‘rsatdi, shuningdek, F57 klassida nayza uloqtirishda qatnashgan Yorqinbek Odilov 50,41 metrga natija qayd etib, har ikkisi ham Para Osiyo o‘yinlari rekordini yangilagan holda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi bahslarda ham bir qator rekordlar qayd etilib, chempionlar nomi e’lon qilindi. Xususan, nayza uloqtirish bo‘yicha Shahinaxon Yigitaliyeva (F46 klassi, 44,99 m) va disk uloqtirish bo‘yicha Navruza Ahmadova (F41 klassi, 30,11 m) Osiyo rekordini yangilashdi. Bundan tashqari, disk uloqtirish sektorida harakat qilgan Madina Muxtorova (F40 klassi, 25,59 m) musobaqa rekordi bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Para velosportning shosse yo‘nalishida ishtirok etgan Marjona Pardaboyeva (T1-2 guruh poygasi) marra chizig‘iga birinchi bo‘lib yetib kelib, Aichi-Nagoya-2026 o‘yinlarining ikki karra chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Para suzish yo‘nalishida esa Yegor Bolotov (S13 klassi, 50 metrga erkin usulda suzish, 24,39 s) hamda Mubinabonu Xalilova (S13 klassi, 50 metrga erkin usulda suzish, 28,04 s) o‘z yunalishlarida barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medallarga ega chiqishdi.
Kun davomida o‘tkazilgan boshqa qiziqarli bahslarda ham ko‘plab sportchilarimiz shohsupadan joy olishdi. Jumladan, yadro, nayza va disk uloqtirish, shuningdek, uzunlikka sakrash va velosport yo‘nalishlarida qator sportchilarimiz kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobidagi muvaffaqiyatga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi.
Source: www.gazeta.uz