Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiyaning Istanbul shahridagi Bakirköy tumanida mamlakatdagi ilk o'zbek maktabini barpo etish loyihasi bo'yicha tayyorgarlik ishlari jadal tus olmoqda. Ushbu tashabbus O'zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtirilishi ko'zda tutilgan bo'lib, amaldagi qurilish ishlari esa mahalliy turk kompaniyalari zimmasiga yuklatilgan. Ta'kidlanishicha, ta'lim muassasasidagi dars jarayonlari to'liq O'zbekiston ta'lim tizimi standartlari asosida va O'zbekistondan kelgan malakali o'qituvchilar ishtirokida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

«Dunyo» axborot agentligi tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsuli Sherzod Abdunazarov Bakirköy tumani ma'muriyati rahbari Ayşegyul Ovaliöğlu bilan uchrashuv o'tkazib, maktab qurilishiga oid barcha asosiy jihatlarni atroflicha muhokama qilgan. Muzokaralar davomida tomonlar mazkur ta'lim maskani Turkiyada istiqomat qilayotgan o'zbekistonlik vatandoshlarning farzandlarini milliy qadriyatlarga sadoqat va ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim strategik ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidlab o'tishgan.

Eslatib o'tamiz, mazkur maktab loyihasiga 2026-yilning yanvar oyida O'zbekiston va Turkiya rahbarlari ishtirokida tamal toshi qo'yilgan edi. Shundan buyon o'tgan davr mobaynida obyekt bo'yicha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va loyihalashtirish ishlari amalga oshirilgan. Oxirgi uchrashuv yakunlariga ko'ra, tomonlar qurilish ishlarini imkon qadar qisqa muddatlarda boshlash bo'yicha kelishuvga erishgan bo'lib, Bakirköy ma'muriyati barcha bosqichlarda har tomonlama yordam ko'rsatishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Shu kuni bosh konsul Turkiya Milliy ta'lim vazirligi vakillari hamda Istanbul viloyati Milliy ta'lim boshqarmasi rahbariyati bilan ham qo'shimcha muzokaralar o'tkazdi. Uchrashuvlar chog'ida Turkiya tomoni o'tkazgan loyiha ekspertizasi xulosalari va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha zarur ma'lumotlar taqdim etilgan. Ushbu tavsiyalar asosida maktab loyihasini ishlab chiqqan O‘zgüven kompaniyasi mutaxassislari bilan ham ishchi uchrashuv tashkil etildi, biroq qurilishning aniq boshlanish va ochilish sanalari hozircha e'lon qilinmagan.

Source: kun.uz