O'zbekistonda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong'in xavfsizligi sohasida inson hayoti hamda sog'lig'iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestriga kiritiladigan ma'lumotlar ro'yxati rasman tasdiqlandi. Yangi hujjatda bunday xavfni belgilashga asos bo'ladigan qoidalar va shaharsozlik normalarining aniq bandlari ko'rsatib o'tildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyrug'i Adliya vazirligida davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Mazkur ro'yxatda aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va yong'in xavfsizligi sohasidagi qonunchilikka rioya etmaslik yuqori xavf soluvchi omil sifatida belgilangan bo'lib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi nazorat qiluvchi organ etib belgilandi.
Hujjatda binolar va muhandislik tizimlariga oid shaharsozlik normalarining muayyan talablari, jumladan, binolar va inshootlarning yong'in xavfsizligi, yong'in avtomatikasi tizimlari, gaz, ichki va tashqi suv ta'minoti qamrab olingan. Shuningdek, isitish, ventilyatsiya, konditsiyalash, elektr jihozlari hamda tabiiy va sun'iy yoritish talablari ham kiritilgan.
Ro'yxat turar joy, jamoat va ma'muriy binolar, tibbiyot, ta'lim va madaniyat tashkilotlarini loyihalashtirish normalarini ham o'z ichiga oladi. Avtoturargohlar, qozonxonalar, omborxonalar, sanoat hamda qishloq xo'jaligi obyektlari, shuningdek, yoqilg'i quyish stansiyalari bo'yicha ham aniq mezonlar belgilandi.
Mazkur buyruq Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda qabul qilindi. Hujjatning o'zida yangi jarima miqdorlari belgilanmagan bo'lib, u rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirdi.
Source: kun.uz