Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Havo haroratining bosqichma-bosqich pasayib borishi fonida aholi punktlari va ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik energiyasi bilan ta'minlashga bo'lgan ehtiyoj sezilarli darajada oshmoqda. Shu munosabat bilan, O'zbekiston fuqarolariga isitish mavsumida yong'in xavfsizligi qoidalariga qat'iy amal qilish zarurligi yuzasidan jiddiy ogohlantirishlar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda mutasaddi idoralar.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig'i Odil Quldoshevning ma'lum qilishicha, fuqarolar o'z uylaridagi isitish pechlari hamda gaz jihozlarining holatini zudlik bilan tekshiruvdan o'tkazishlari shart. O'tgan mavsumdan keyin nazoratsiz qolgan mo'rishtutunlar, gaz chiqarish quvurlari va ventilyatsiya tizimlarini tozalash, shuningdek, sertifikatga ega bo'lmagan yoki o'zboshimchalik bilan o'zgartirilgan uskunalardan foydalanmaslik talab etiladi.

Shuningdek, mutaxassislar gaz uskunalaridagi nosozliklarni mustaqil ravishda bartaraf etishga urinish yoki malakasiz usta xizmatidan foydalanish keskin taqiqlanishini eslatib o'tdilar. Har qanday ta'mirlash ishlari faqatgina maxsus ruxsatnomaga ega bo'lgan gaz va elektr ta'minoti tashkilotlari mutaxassislari tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Bundan tashqari, ko'p qavatli uylarning ventilyatsiya kanallaridan mo'ri sifatida foydalanish yoxud ularni to'sib qo'yish qat'iyan man etiladi. Isitish jihozlarini kechasi nazoratsiz qoldirmaslik va xonalarni muntazam ravishda shamollatib turish isitish davridagi asosiy xavfsizlik shartlaridan biri ekanligi ta'kidlandi.

Source: uznews.uz