Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-oktabr kuni sogʻliqni saqlash sohasiga investitsiya jalb qilish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda yirik tibbiyot obyektlarini barpo etish yuzasidan oʻtkazilgan taqdimot bilan tanishdi. Yigʻilishda mamlakatimiz tibbiyot tizimini zamonaviy talablar asosida transformatsiya qilishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Maʼlum qilinishicha, ayni paytda sogʻliqni saqlash sohasida umumiy qiymati 2,7 milliard dollarni tashkil etuvchi 35 ta investitsiya loyihasidan iborat maxsus portfel shakllantirilgan. Mazkur tashabbuslar yangi ixtisoslashgan markazlar va koʻp tarmoqli shifoxonalar qurish, mavjud tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash hamda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash kabi yoʻnalishlarni toʻliq qamrab oladi.
Yangi tibbiyot muassasalarini barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish jarayonida ularning joylashuvi, quvvati hamda koʻrsatiladigan xizmatlar aholining real ehtiyojlariga mos boʻlishi ustuvor vazifa etib belgilandi. Taqdimot davomida investitsiya loyihalarini shu mezonlar asosida shakllantirish, ularga xususiy sektorni faol jalb etish va tibbiyot muassasalarini boshqarishning ilgʻor usullarini amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, Milliy onkologiya markazi, Respublika nevrologiya va insult markazi, Toshkent viloyatida kattalar uchun koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Qashqadaryo viloyatida yangi shifoxonalar hamda Nukus shahridagi onalar va bolalar markazini barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Termiz shahrida tibbiy taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, davlat-xususiy sheriklik modeli asosida Samarqand shahrida 800 oʻrinli shifoxona va Buxoro viloyatida yirik koʻp tarmoqli tibbiyot muassasasini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng boʻlgan yana toʻqqizta istiqbolli loyiha boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqilgan boʻlib, ular nevrologiya, ruhiy salomatlik, bolalar onkologiyasi infratuzilmasini yaxshilash hamda tez tibbiy yordam avtoparkini yangilashga qaratilgan. Kelgusida tarmoqqa investitsiya kiritish 2040-yilgacha moʻljallangan master-reja va investitsiya strategiyasi bilan bogʻlanishi, shuningdek, autsorsing xizmatlarini kengaytirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish maqsad qilingani taʼkidlandi.
Source: kun.uz