Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun hisoblanadigan penya miqdorini asosiy soliq qarzidan oshirmaslik taklif etilmoqda. Tegishli o‘zgarishlar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasiga kiritilgan bo‘lib, uni mamlakat Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Qonun loyihasini deputatlarga tanishtirgan iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov soliq ma’murchiligiga kiritilishi rejalashtirilayotgan muhim o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, soliqning belgilangan muddatda to‘lanmagan qismiga hisoblanadigan penya miqdori to‘lanmagan soliq summasidan oshib ketmasligi to‘g‘risidagi qoida rasman kiritilmoqda. Ushbu normani amaliyotga joriy etish masalasi avvalroq, may oyi boshida davlat rahbari huzurida ham muhokama qilingan edi.

Shuningdek, qonun loyihasida soliq to‘lovchi kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha talab etilgan tushuntirish yoki aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etgan taqdirda, uning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib turish chorasini soliq organlari tomonidan avtomatik ravishda bekor qilish nazarda tutilmoqda. Parlament vakillarining fikricha, bu kabi choralar tadbirkorlik faoliyatiga qo‘yiladigan ortiqcha ma’muriy cheklovlarni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, hujjatda to‘lov tashkilotlari va zamonaviy to‘lov tizimlari orqali soliq to‘lash jarayonida undiriladigan komissiya to‘lovlarini bekor qilish ham taklif etilmoqda. Qonun loyihasi soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali ko‘rsatiladigan elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirib, boshqa davlat idoralari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratishni ham ko‘zda tutadi.

Source: www.gazeta.uz